Tadbir: rassom Saodat Ismoilova va Markaziy osiyolik ijodkorlardan iborat DAVRA jamoasining zamonaviy san'at ko'rgazmasi documenta 15 doirasidagi dasturi.
Vaqt: 2022-yil 25-iyun — 4-avgust
Manzil: Kassel, Germaniya
2022-yilda o‘zbekistonlik videorassom va kinorejissyor Saodat Ismoilova documenta nomli eng nufuzli xalqaro miqyosdagi zamonaviy san’at ko‘rgazmasida ishtirok etadi. Tadbir har besh yilda bir marta Germaniyaning Kassel shahrida bo'lib o'tadi. Bu yil Indoneziyaning Ruangrupa san’atkorlar jamoasi ko'rgazmaning badiiy rahbari hisoblanadi.
Saodat Ismailova Markaziy Osiyo mifologiyasidagi chilton fenomeniga bag'ishlangan bir nechta videoasarlarini loyiha doirasida taqdim etadi, jumladan, documenta uchun yaratligan yangi film — “Bibi Seshanbe” namoyish etiladi. Bundan tashqari, Saodat Ismailova Markaziy osiyolik 19 nafar yosh ijodkor ishtirokida documenta ko'rgazmasida qatnashuvchi DAVRA jamoasini tashkil qildi. DAVRA jamoasi Kasselda 41 kunlik ommaviy dastur va maxsus tayyorlangan Chiltonlar nomli kitobni taqdim qilishadi.
Chiltonlar (qirqchilton, chilton, shlten) 40 ta ko'rinmas ruhlar va muqaddas mavjudotlar sanalib, ular hayotning og'ir davrlarida paydo bo'lib, odamlarga yo'l-yo'riq ko'rsatishadi, ularni davolashadi va himoya qilishadi. Chiltonlar hayvonlar, odamsimon mavjudotlar, tabiat hodisalari yoki o'simliklar shaklida ko'rinishi mumkin. Chiltonlar haqida maʼlumotlar kam. Ko'pincha ular ayollarning folklor matnlarida, shuningdek, muqaddas joylarning qo'riqchilari tomonidan avloddan-avlodga o'tgan og'zaki shakllarda qayd etilgan.
2022-yilning 25-iyundan 4-avgustigacha, chilla (shilde) yoki yilning eng issiq 40 kunida “DAVRA” jamoasi va bir nechta taklif etilgan mehmonlar sanʼat jarayonlari, jumladan, kino namoyishlari, muhokamalar, birgalikda ovqatlar pishirish orqali chiltonlar haqida tushunchaga ega bo'ladilar, fikr va mulohaza almashadilar. Sessiyalar, matnlarni o'qish, raqslar, mahorat darslari, shuningdek, performonslar, musiqiy chiqishlar va bolalar dasturi ham jamoa namoyishlaridan o'rin olgan.
Ijodkor haqida:
Saodat Ismoilova (1981-yilda Toshkentda tugʻilgan) — oʻzbek kinorejissyori. Toshkent davlat san’at instituti va Fransiyadagi Le Fresnoy milliy zamonaviy san’at studiyasini tamomlagan. Uning filmlari va video installyatsiyalari Venetsiya Biennaliyasi, Berlinale, Rotterdamdagi Xalqaro kinofestival va boshqalarda namoyish etilgan. Saodat Ismoilovaning asarlari Parijdagi Pompidu markazi va Amsterdamdagi Stedelyk muzeyi kolleksiyalarida saqlanadi. 1
DAVRA — Saodat Ismoilova tomonidan yaratilgan tadqiqot guruhi va jamoa boʻlib, Markaziy Osiyoning turli mamlakatlari ijodkorlarini birlashtiradi. “DAVRA” a’zolari: Aziza Po‘latova (O‘zbekiston), Aida Adilbek (Qozog‘iston), Benazir Ibraimova (Qirg‘iziston), Dana Iskakova (Qozog‘iston), Daria Nurtaza (Qozog‘iston), Daria Kim (O‘zbekiston), Diana Rahmanova (Tojikiston), Diana U (Qirg‘iziston), Dilda Ramazon (Qozog‘iston), Jazgul Madazimova (Qirg‘iziston), Zumrad Mirzalieva (O‘zbekiston), Intizor Otaniyozova (Qozog‘iston), Madina Joldibekova (Qozog‘iston), Munis Juraeva (O‘zbekiston), Muxiddin Riskiev (O‘zbekiston), Nazira Karimi (Tojikiston), Odina Riskieva (O‘zbekiston), Tokjan Karatay (Qozog‘iston) va Tillaniso Nuryog‘di (O‘zbekiston).
documenta haqida:
documenta zamonaviy san'atning eng muhim xalqaro ko'rgazmalaridan biridir. 1955- yildan beri Germaniyaning Kassel shahrida har besh yilda bir marta o'tkaziladi va 100 kun davom etadi. dokumenta 15 ni Indoneziyaning ruangrupa jamoasi boshqaradi. Ular taklif qilgan konseptsiya guruchni saqlash uchun umumiy omborni nazarda tutuvchi - lumbung tushunchasi atrofida qurilgan. Ushbu tushuncha o'zaro yordam, jamoaviylik va yagona ekosistema doirasida resurslarni adolatli taqsimlash tamoyillariga qurilgan va ko'rgazmaning umumiy ohangini ifodalaydi.
Sanalar va amaliy ma'lumotlar:
documenta 15 2022-yilning 18-iyunidan 25-sentyabrgacha davom etadi. DAVRA dasturi 25-iyunda boshlanadi va 2022-yil 4- avgustgacha – 41 kun davom etadi.
Loyiha documenta 15 zamonaviyi san’at kurgazmasi va Gyote Institut, O'zbekiston va Qozog'istonning ko'magi tufayli amalga oshirildi.